Davlat ramzlari

O`zbekiston Respublikasining Davlat ramzlari

«O`zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o`z davlat ramzlari — bayrog`i, gerbi, va madhiyasiga ega.» (O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 5-moddasi)

 

 

Davlat bayrog`i

Davlat bayrog`i O`zbekiston Respublikasining 1991 yil 18 noyabrdagi 407-XII-sonli «O`zbekiston Respublikasining Davlat bayrog`i to`g`risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan.

O`zbekiston Respublikasining Davlat bayrog`i — bayroqning butun uzunligi bo`ylab o`tgan to`q moviy rang, oq rang va to`q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to`g`ri to`rtburchak shaklidagi matodir.

O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`ining uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng. Moviy rang, oq rang va yashil rangli enlarning kengligi bir xil. Har bir en 40 santimetrga tengdir. O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`ining o`rtasidagi oq rangli enning chetlaridan kengligi 2,5 santimetrga teng qizil hoshiyalar o`tkazilgan.

O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`ining yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida o`n ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan.

Oq rangli yangi oy va o`n ikkita oq rangli besh qirrali yulduzning tasviri moviy rangli yuqori enning o`rtasidan 70×30 santimetrga teng to`g`ri to`rtburchakka sig`adigan qilib joylashtirilgan.

Oq rangli yangi oy vertikal holatda do`ng tomoni dastaga qaratilgan, dastadan 20 santimetr masofada joylashtirilgan bo`lib, diametri 30 santimetrli doiraga sig`adi.

O`n ikkita oq rangli besh qirrali yulduz diametri 6 santimetrli doiraga sig`adi. Doiralar orasidagi masofa 6 santimetr. Yulduzlar uzunasiga va tikkasiga quyidagi tartibda joylashadi: yuqori qatorda uchta, o`rta qatorda to`rtta va quyi qatorda beshta yulduz. Quyi qatordagi yulduzlar yangi oyning pastki uchidan 3,5 santimetr masofada joylashadi.

 

 

Davlat gerbi

Davlat gerbi O`zbekiston Respublikasining 1992 yil 2 iyuldagi 616-XII-sonli «O`zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to`g`risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan.

O`zbekiston Respublikasi Davlat gerbi quyidagi ko`rinishga ega: tog`lar, daryolar va so`l tomoni bug`doy boshoqlaridan, o`ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g`o`za shoxlaridan iborat chambarga o`ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi. Gerbning yuqori qismida Respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan bo`lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida «O‘zbekiston» deb yozib qo`yilgan.

O`zbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli ko`rinishida: Humo qushi va daryolar — kumush rangida; quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va «O‘zbekiston» yozuvi — oltin rangida; g`o`za shoxlari va barglari, tog`lar va vodiy — yashil rangda; chanoqlardagi paxta — oq rangda; lenta — O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`ining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda; sakkizburchak — oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda; yarim oy va yulduzlar — oq rangida tasvirlangan.

 

Davlat madhiyasi

O`zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining matni va musiqasi O`zbekiston Respublikasining 1992 yil 10 dekabrdagi 768-XII-sonli «O`zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to`g`risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan.

Madhiya matni   

Serquyosh, hur o`lkam, elga baxt, najot,
Sen o`zing do`stlarga yo`ldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!

Oltin bu vodiylar — jon O`zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug` xalq qudrati jo`sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!

Bag`ri keng o`zbekning o`chmas iymoni,
Erkin, yosh avlodlar senga zo`r qanot!
Istiqlol mash`ali, tinchlik posboni,
Haqsevar, ona yurt, mangu bo`l obod!

Oltin bu vodiylar — jon O`zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug` xalq qudrati jo`sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!

 

Mutal Burxonov musiqasi
Abdulla Oripov she`ri


 

 

QORAQALPOG‘ISTON  RESPUBLIKASINING DAVLAT BAYROG‘I

«Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida» Qonun 14-dekabr 1992-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining XII sessiyasida qabul qilingan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i Qoraqalpog‘iston Respublikasining suveren davlat ekanligini bildiradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i moviy rang, sariq va yashil ranglardan iborat bo‘lib, markazida sariq rangni oq va qizilrangli yo‘laklar ajratib turadi.

Bayroqning moviy rangi bahor yoshligi, suvning mangu timsoli hisoblanadi. Sariq rang esa, Qoraqalpog‘iston hududining ulkan qismi sahrolardan iborat ekanligini bildiradi. Yashil rang – tabiatning yangilanishining, ma’naviy yasharish, ishonchining va quyoshning belgisi. Bayroqdagi yangi tug‘ilgan oy musulmonlarning muqaddas timsoli bo‘lsa, besh yulduzning rasmi Qoraqalpog‘istonning qadimiy va navqiron besh shahrining timsoli hisoblanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i Qoraqalpog‘iston Respublikasi rasmiy vakillarining xorijiy safarlarda, xalqaro anjumanlarda, ko‘rgazmalarda va sport o‘yinlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasini jahonga tanitadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro maydonda boshqa davlatlarning bayroqlari bilan teng turadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolari va bu yerda yashaydigan boshqa insonlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘ini hurmat qilishi shart.

 

 

QORAQALPOG’ISTON RESPUBLIKASI DAVLAT GERBI

 «Qoraqalpog’iston Respublikasi Davlat gerbi to’g’risida» Qonun 9-aprеl 1993-yilda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining XII sеssiyasida qabul qilindi.

Qoraqalpog’iston Respublikasining Davlat gеrbi Qoraqalpog’iston Respublikasining suvеrеn davlat ekanligini bildiradi.

Qoraqalpog’iston Respublikasining Davlat gеrbi – o’zida o’ng tomoni sholi boshoqlaridan, chap tomoni ochilgan paxta chanoqlari va tog’ ortidan chiqayotgan quyoshni, Amudaryo va Aral misoli bo’lgan daryo va dengiz rasmlari tasvirlangan.

Gеrbning yo’qorgi qismida sakkiz qirli shakl rasmi bo’lib, xalqlar birligini, uning ichidagi yarim oy va yulduz rasmi musulmonlarning muqaddas timsoli hisoblanadi. Gеrbning markazida himmat, olijanoblik va fidoyilik timsoli bo’lgan afsonaviy humo qushi qanotlarini yozib turibdi. Humo qushi rasmining ortida qoraqalpoq xalqining tarixiy madaniyatidan hisoblangan Shilpiq qorg’onining, ya’niy xalqimizning madaniyati tarixi uzoq-uzoqlarga borib taqalsada, hamisha navqiron ekanligini anglatuvchi qo’rg’on rasmi mavjud.

Gеrbning pastki qismida rеspublika davlat bayrog’ini ifoda etuvchi chambar lеntasining bandiga «Qaraqalpaqstan» dеb yozib qo’yilgan.

 

QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MADHIYASI

“Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Nizom 24 dekabr, 1993 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesining XIV sessiyasida qabul qilingan

 

Jayxun jaǵasında ósken bay terek,

Túbi bir shaqas mıń bolar demek,

Sen sonday sayalı, quyashlı elsen,

Tınıshlıq hám ıǵbal sendegi tilek.

 

Naqoratı:

Diyxan baba nápesi bar jerinde,

Juwsan ańqıp, kiyik qashar shólinde,

«Qaraqalpaqstan» degen atıńdı,

Áwladlar ádiwler júrek tórinde.

 

Aydın keleshekke shaqırar zaman,

Mártlik, miynet, bilim jetkizer oǵan,

Xalqıń bar azamat, dos hám mexriban,

Erkin jaynap–jasna, máńgi bol aman.

 

Naqoratı:

Diyxan baba nápesi bar jerinde,

Juwsan ańqıp, kiyik qashar shólinde,

«Qaraqalpaqstan» degen atıńdı,

Áwladlar ádiwler júrek tórinde.

 

I.Yusupov so‘zi

N.Muxammeddinov musiqasi